Qozogʻistonda hududiy mudofaa kuchlari tashkil etiladimi?
Qozogʻiston hukumati mamlakat xavfsizligini mustahkamlash maqsadida har bir viloyatda hududiy mudofaa brigadalarini tashkil etish boʻyicha qaror qabul qildi. TRT nashrining xabar qilishicha, ayni paytda bu tashabbus Rossiya bilan chegaradosh hududlarda izchil amalga oshirilmoqda — 20 ta brigadaning 8 tasi aynan shu yoʻnalishda joylashtiriladi.
Manbaga koʻra, hududiy mudofaa tuzilmasi urush yoki harbiy holat eъlon qilinganda strategik obektlarni himoya qilish, mudofaa inshootlarini qurish, aholining evakuatsiyasini tashkil etish hamda zarurat tugʻilganda jangovar harakatlarda ishtirok etish kabi vazifalarni bajaradi.
2023 yilda ilgari surilgan bu tashabbus 2024 yil aprel oyida parlamentning quyi palatasi — Majlis tomonidan bir ovozdan maъqullandi. Asosiy maqsad — mamlakat mudofaa salohiyatini oshirish va ichki xavfsizlikni taъminlashdir, deyiladi rasmiylar bergan bayonotda.
Ayrim ommaviy axborot vositalarida Rossiya bilan chegaradagi kuchlar sonining koʻpligi sababli Qozogʻistonning Moskva bilan ehtimoliy mojaroga tayyorgarlik koʻrayotgani haqida taxminlar paydo boʻldi. Bu holatga Mudofaa vazirligi rasmiy bayonot berib, qonun loyihasida hech qanday Rossiya tomoniga agressiya yoʻqligini taъkidladi.
Shunga qaramay, Kremlь bilan munosabatlarda keskinlik alomatlari kuzatilib turibdi. Xususan, 2022 yilda Rossiyaning sobiq prezidenti Dmitriy Medvedev nomiga tegishli “VKontakte” sahifasida Qozogʻiston “sunъiy davlat” sifatida tilga olingan. Keyinchalik bu akkaunt buzib kirilgan deb eъlon qilingan boʻlsa-da, holat ikki tomonlama munosabatlardagi ishonchga putur etkazdi.
Shuningdek, Moskva tomonidan Qozogʻistonning davlat tilini rivojlantirish siyosati ham muntazam tanqid qilinmoqda. Biroq rasmiy darajada bu munosabatlar sovuqlashgani kuzatilmayapti: oʻtgan yili ikki tomonlama tovar ayirboshlash hajmi $28 milliarddan oshdi.
Mutaxassislar fikriga koʻra, Qozogʻiston hududiy mudofaa tizimini faollashtirishga geosiyosiy muhitdagi oʻzgarishlar, xususan, Ukrainadagi urush, Tojikiston va Qirgʻiziston oʻrtasidagi qurolli toʻqnashuvlar, Xitoyning harbiy faolligi va Afgʻonistondagi vaziyat sabab boʻlgan.
Qurolli Kuchlar soni atigi 40 ming nafarni tashkil etuvchi mamlakat uchun ixtiyoriy mudofaa brigadalari strategik zaxira sifatida qaralmoqda. Tahlilchilarning fikricha, Qozogʻiston jamiyati demilitarizatsiyalashgan boʻlib, aholining harbiy tayyorgarligi past darajada.
Global xavfsizlik tizimidagi beqarorlik fonida Evropa davlatlari NATOga muqobil blok yaratish gʻoyasini muhokama qilmoqda. Markaziy Osiyo davlatlari esa Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashqarisida ham yangi xavfsizlik modelini izlamoqda. Qozogʻistonning hududiy mudofaa kuchlarini joriy etish tashabbusi aynan shu jarayonlarning mintaqaviy aksidir.













