Prezident Shavkat Mirziyoev Ahmadobod shahri hududida yuz bergan aviahalokat oqibatida koʻplab insonlar halok boʻlgani va jiddiy jarohat olgani munosabati bilan Hindiston prezidenti Draupadi Murmu va Bosh vaziri Narendra Modiga taъziya maktubi yoʻlladi. Maъlumot uchun, Hindistonda halokatga uchragan Air India aviakompaniyasining Boeing 787-8 Dreamliner samolyoti bortidagi barcha 242 kishi halok boʻldi. Hodisa bugun, 12 iyunь kuni Ahmadobod shahri aeroporti yaqinida sodir boʻlgan.
Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev Afgʻoniston sanoat va savdo vaziri vazifasini bajaruvchi Nuriddin Aziziyni qabul qildi. Aziziy Mirziyoevga Afgʻoniston rahbariyatining salomini etkazgan. Uchrashuvda savdo-iqtisodiy, transport-logistika, energetika va qishloq xoʻjaligi sohalari, shuningdek, geologiya-qidiruv va konchilik sohalarida hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilingan.
Joriy yilning 12 iyunidan boshlab Saudiya Arabistonidagi hojilarimiz bir necha kun davomida navbati bilan vatanga qaytishadi. Qayd etilishicha, vatandoshlarimiz Jidda shahridan mamlakatimizning 10 ta hududi – Toshkent, Buxoro, Namangan, Fargʻona, Samarqand, Qarshi, Termiz, Urganch, Navoiy va Nukus shaharlariga toʻgʻridan-toʻgʻri parvoz qiladilar.
Joriy yilning sentyabrь oyida Ozarbayjonning Boku shahrida “Cheksiz birodarlik – IV” nomli koʻp millatli harbiy mashgʻulotlar oʻtkaziladi. Unda Ozarbayjon, Turkiya, Oʻzbekiston, Qozogʻiston va Pokistonning maxsus kuchlari ishtirok etadi. Mashgʻulotlar ishtirokchi davlatlarning qoʻshma operativ salohiyatini oshirishga hamda mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlashga qaratilgan.
Qozogʻiston Senati fuqarolarning diniy erkinligiga bevosita taъsir qiluvchi qonun loyihasini koʻrib chiqmoqda. Unga koʻra, jamoat joylarida yuzni toʻliq yopuvchi kiyimlar, jumladan, ayollarning yuziga niqob taqishi taqiqlanishi mumkin.
Oʻzbekiston Moskvadagi vaziyat yuzasidan Rossiya TIVga nota yoʻllab, kuch ishlatar tashkilot vakillarining harakatlariga huquqiy baho berilishini soʻragan. Notada qayd etilishicha, yuzaga kelgan vaziyat inson huquqlari yaqqol buzilganidan dalolat beradi, buni esa qabul qilib boʻlmaydi.
"Biz Ukraina bilan bogʻliq vaziyatni faqat diplomatik yoʻllar bilan hal etish zarur, deb hisoblaymiz va Istanbulda boʻlib oʻtayotgan toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralarni olqishlaymiz. Shu bilan birga, koʻpdan buyon choʻzilayotgan Gʻazo fojiasiga eъtiboringizni qaratmoqchiman. XXI asrda koʻz oʻngimizda koʻplab begunoh insonlarning nobud boʻlayotganini hech nima bilan oqlab boʻlmaydi", degan prezident Shavkat Mirziyoev.
Rossiyaning "Vagner" xususiy harbiy kompaniyasi safida Ukrainaga qarshi jang qilgan 25 yoshli Oʻzbekiston fuqarosi avvaliga Samara viloyatida giyohvand moddalar savdosida ayblanib qamalgani, keyin esa majburan urushga olib ketilganini aytdi. Sudlanuvchiga koʻra, 2022 yilda u jazoni oʻtayotgan jazoni ijro etish muassasasiga kelgan "Vagner" xususiy harbiy kompaniyasi aъzolari urushga borishni istamaganlarni yigʻilganlar koʻz oʻngida otib tashlashgan.
Vazirlik AQShdagi vatandoshlarni "ushbu mamlakatning amaldagi qonun-qoidalariga qatъiy amal qilishga, tinchlik va xavfsizlikni buzishi mumkin boʻlgan har qanday ommaviy namoyishlarda ishtirok etmaslikka" chaqirgan.
Oldinroq, Rossiya hududida vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan chet el fuqarolarining huquqiy maqomini tekshirish boʻyicha tadbirlar davomida Rossiya gvardiyasi tomonidan migrantlarga nisbatan kuch ishlatilgani haqida xabarlar tarqalgandi. Migratsiya agentligi Moskvadagi reydlar chogʻida muhojirlarga, jumladan, vatandoshlarimizga nisbatan jismoniy kuch ishlatilgani haqidagi xabarlardan "afsus va taassufda" ekanini maъlum qildi.