Misrda oʻzbek tilini oʻrganish boʻyicha yangi darslik yaratildi
Oʻzbekiston elchixonasi tomonidan ingliz tilida soddalashtirilgan uslubda oʻzbek tilini noldan oʻrgatuvchi "Uzbek Language: Complete Self-Study Guide in 22 Lessons" nomli qoʻllanma chop etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA.
Maъlum qilinishicha, bundan tashqari 2500 dan ortiq faol qoʻllaniladigan soʻzlar asosida oʻzbekcha-inglizcha lugʻat ham chop etilgan.
Elchixona tashabbusi bilan nashrga tayyorlangan mazkur kitob hozirda Misrdagi kutubxonalar, oʻzbek tilini oʻrganayotgan Qohira universiteti talabalari orasida tarqatilmoqda.
Shuningdek, mamlakatimizning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari orqali oʻzbek tili oʻqitiladigan xorijiy universitetlarga ham etkazish rejalashtirilgan.
Qoʻllanmaning kirish qismida oʻzbek tilining oʻziga xos xususiyatlari, uning oʻzgarish bosqichlari hamda oʻzbek xalqining shakllanish tarixi haqida soʻz yuritilgan.
Undagi 22ta darslar esa, xorijiy tilni oʻrganish uchun eng zarur boʻlgan qoidalar va konstruktsiyalarni oʻrgatishga bagʻishlangan.
Qoʻllanma oxirida til oʻrganishni osonlashtiruvchi qoʻshimcha qismlar ham kiritilgan.
Masalan, oʻzbek tili shevalari va ularning farqlari tushuntirilgan hamda xalq orasida ishlatiladigan, lekin adabiy tilga kiritilmagan baъzi keng foydalaniladigan oʻzlashma soʻzlar ham mazkur kitobga ilova qilingan, deyiladi xabar matnida.













